Nogironligi bor fuqarolar ham jamiyatimizning boshqalar bilan teng huquqli a’zosidir. Ular orasida qaysimizningdir do‘stimiz, yaqinimiz, opamiz yoki ukamiz bo’lishi mumkin. Ammo nogironligi bor fuqarolarga yashash uchun qulay sharoit mavjud emasligi hammani ham bezovta qilavermaydi. Minbarlarda, televideniye va radioda esa ularga sharoitlar haqida ko‘p va xo‘p gapiriladi…
Yuqoridagilar qanchalik haqiqat yoki haqiqat emasligini bilish maqsadida nogironlar aravachasidan foydalanuvchi oramizdagi odamlardan, ayniqsa yurtimizning olis hududlaridan biri – Qoraqalpog‘iston nogironlar assotsiatsiyasining raisi o‘rinbosari Jaras Gʻaniyevning o’zi hamda Qoraqalpog‘istondagi vaziyat, nogironligi bor shaxslarga yaratilayotgan sharoit bilan qiziqdik.
Qoraqalpog‘istonda infratuzilma ahvoli qanday?
Ushbu savolga javob berarkan, suhbatdoshimiz so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda bu borada o‘zgarish qilishga, holatni yaxshilashga harakat qilinayotgani, shunga qaramay o‘zgarishlar juda kamligini ham ta’kidladi.
– Chetdan qaraganda ko‘cha-kuyda nogironligi bo‘lgan odamlarni kam ko‘ramiz. Lekin ular ko‘ringanichalik oz emas, – deydi Jaras Gʻaniyev. – Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 mln aholi bo‘lib, ularning 66 182 nafari turli darajadagi nogironligi bor shaxslardir. Uncha ko‘zimiz tushmasligining boisi, yashash tarzimizdagi noqulayliklar tufayli ullar ko‘chaga kam chiqadi. O‘zi uchun xizmat qila olmaydi. Masalan, do‘konga chiqib non olib kelolmaydi, kasal bo‘lib qolsa, dorixonaga borib kerakli dorini sotib ololmaydi.
Boshqa masalalar – ish, o‘qish, jamoatchilik faol ishtirok etadigan madaniy tadbirlar, dam olish kabilarda ham vaziyat xuddi shunday. Ular to‘laqonli faol hayot kechirishdan mosuvo. Buning sababi infratuzilma, qulayliklar mavjud emasligidir. Oddiygina nogironlik aravachasida harakatlanish uchun zarur bo‘lgan panduslar ham qoniqarsiz ahvolda. Aravachada bemalol mustaqil ko‘cha bo‘ylab yurish imkoni yo‘q. Hamma yo‘l chetlarida ham trotuarlar mavjud emas. Ko‘zi ojizlar uchun bo‘rtib chiqqan alohida yo‘laklar ham yo‘q.
Noqulayliklar ko‘pligi uchun nogironligi bor insonga kimdir hamrohlik qilib yurishi kerak. Ammo hammaning ham bunday yaqini mavjud emas. Bo‘lgan taqdirda ham ular kun davomida nogironligi bor tanishiga hamroh bo‘lolmasligi mumkin.
Dunyoning ilg‘or davlatlaridagina emas, qo‘shni Qozog‘iston va Rossiyada ham nogironligi bor shaxslar uchun jamoat transportidan tortib, yo‘laklar va ko‘chalar, ijtimoiy obyektlar – uylardan tortib, ta’lim maskanlari va kasalxonalargacha, hammaga teng sharoitlar yaratilib, imkoniyat yanada yaxshilanib bormoqda. Shunday bo‘lgach, nega bizning jamiyatimiz mazkur qatlam yashashi uchun noqulay bo‘lib qolaverishi kerak?
Ish masalasi va “ish bermayotgan” sertifikatlar
Ana shu iddao bilan yashayotgan va ishlayotgan Jaras Gʻaniyev boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston nogironlar assotsiatsiyasiga 24 ta tashkilot a’zo. Ularga Ko‘zi ojizlar jamiyati, Kar-soqovlar jamiyati, Chernobilchilar assotsiatsiyasi, Veteran jangchilar birlashmasi, maxsus olimpiadachilar (aqliy jihatdan nogironligi bo‘lganlar), paralimpiyachilar kabi birlashma va jamiyatlari ham kiradi. Assotsiatsiya o‘z a’zolarining talab va istaklari hamda huquqlari davlat hamda nodavlat tashkilotlarda ta’minlanishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatadi.
Hozirda Qoraqalpog‘istonda nogironligi bor fuqarolarni eng ko‘p qiynayotgan masala bu – ularni ish bilan ta’minlash. Olaylik, korxonada 20 nafar ish o‘rni bo‘lsa, ularning ikkitasi nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ajratilishi kerak. Assotsiatsiya xodimlari har bir targ‘ibot tadbirlarida, joylardagi uchrashuvlarda bu haqda tushuntirishlar olib bormoqda.
Hattoki ko‘pchilik ish beruvchilar o‘tgan yili 27-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda 2021-yil 22-dekabrda qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorlari mazmunidan yaxshi xabardor.
Mazkur hujjatlarda nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilishda tadbirkorlarga bir qator qulaylik va imtiyozlar berilishi nazarda tutilgan. Shunga qaramasdan ish beruvchilar bu masalaga parda ortidan qarashmoqda. Oqibatda hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda yashayotgan 66 mingdan ortiq nogironligi bor fuqarolarning atigi 2 ming nafarigina ish bilan ta’minlangan.
Vaziyatni yanada chuqurroq tahlil qilsak, Assotsiatsiya xodimlari nogironlarni ish bilan ta’minlash borasida tushuntirish olib borgan 10 ta tashkilotdan ikkitasigina ularning taklifini tushunib, yaxshi qabul qilmoqda. Qolganlari esa masalaga jiddiy yondashmayapti. Masalan, Nukusdagi sportga ixtisoslashgan maktab rahbariyati yuqoridagi Qarorlar mazmunini to‘g‘ri tushungan holda, «Nogironligi bor fuqarolar uchun ikkita shtatim bor, odam yuboring, ishga olamiz» deb assotsiatsiyaga o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishdi. U yerga talabgorlar ishga kirdi. Yana bir duradgorlik korxonasi va tikuvchilik sexi ham xodim olamiz, deb tashabbus bilan chiqdi. Ammo ishga talabgorlar orasida ular so‘ragan yo‘nalishda ishlab ketadigan duradgor ham, tikuvchi ham topilmadi.
Ko‘pchilik nogironligi bor fuqaroning qo‘lida monomarkazda shu yo‘nalishda hunar o‘rgangani haqida sertifikati bo‘lsa-da, negadir borib ishlab ketadigan tayyor xodim bo‘lib chiqishmayapti, – deydi Jaras Gʻaniyev. – «Ishga olsa, o‘zlari o‘rgatib turishsa, o‘rganib olamiz…» deyishadi. Albatta, monomarkazda o‘qiganlar orasida hunarni yaxshi o‘rganib chiqadiganlari ham bor, ammo ular juda kam. Xodim so‘ragan korxonalarga esa tayyor xodim kerak. Ana shu jihat, ya’ni, nogironligi bor fuqarolarning monomarkazda o‘qib, hunar o‘rganganiga qaramasdan tayyor xodim bo‘lib chiqmayotgani ham, ularning ishga joylashib ketishiga to‘siq bo‘lmoqda. Menimcha, bu masalani ham yaxshilab ko‘rib chiqish kerak. Masalan, o‘zimizning tashkilotga ham kompyuter bo‘yicha mutaxassis qidirdik, deydi Jaras aka. – Nogironligi bor bir necha nomzodlar kelishdi, qo‘lida o‘qiganligi haqida sertifikati ham bor. Ammo kompyuterda ishlashni yaxshi bilmaydi. Oxiri, mayli ish jarayonida o‘rganib ketar, degan umidda bir talabgorni ishga oldik. Ammo hozirgacha imlo masalasida unga to‘liq ishonolganimiz yo‘q. Berilgan matnni ko‘p xatoliklar bilan yozadi. Shu bois o‘zimiz ustidan alohida mas’uliyat bilan ko‘rib chiqamiz. Ehtimol, tashkilotlar ham shu kabi tomonlarini o‘ylab, tayyor xodimni ishga olishni istashar. Bu borada ularni ham tushunishimiz kerak va kasb-hunar o‘rgatishni sifatli tashkil etishimiz zarur, degan fikrdaman.
Qurilish obyektlaridagi vaziyat:
tushunayotgan va tushunmayotgan tadbirkorlar
Nogironlar assotsiatsiyasi o‘tgan yildan buyon yana bir ish bilan shug‘ullanayapti. Qurib bitkazilgan bino va inshootlarning nogironligi bor shaxslar va keksalar uchun qanchalik qulayligiga baho bermoqda. So‘nggi bir yilda 200 ta yangi qurilgan obyektlar ko‘rib chiqildi. Ularga umumiy jihatdan baho berilganda, birorta ham qurilish obyektida nogironlar uchun to‘liq qulaylik mavjud emasligi ma’lum bo’ldi, 30 foizidagina belgilangan talablarning 50 foizi bajarilgan. Komissiya ko‘p hollarda qurilish rahbarlari va loyihachilariga mavjud kamchiliklarni aytib, nogironlar uchun kerakli infratuzilmani yaratishni talab qilayapti. Ba’zilari to‘g‘ri tushunib, belgilangan talab bo‘yicha kamchiliklarini tuzatayotgan bo‘lsa, ayrim tadbirkorlar «Sizlar bizning ishimizni ortga suryapsiz, bizni ovvora qilyapsiz», deb jahl qilmoqda.
Bino va inshootlarda eng muhim masalalardan biri bu panduslardir. Ularning qiyalik darajasi shunday bo‘lishi kerakki, aravachadagi odam birovning yordamisiz ulardan mustaqil chiqib, bino ichiga kirishi yoki chiqishi lozim. Agar pandusning qiyaligi belgilangan me’yordan ozgina oshib ketsa ham, aravachani birov itarib yurgizishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, qiyaligi baland panduslarda yurish ham xavfli bo‘lib, aravachaning ag‘anab ketishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Eng ko‘p uchraydigan xatoliklardan biri – panduslarning yuzalari kafeldan qilinadi. Bu ham mumkin emas, chunki kafelda aravachaning toyib ketishi xavfi mavjud. Shu bois assotsiatsiya xodimlari bunday holatlarda qurilish tashkiloti rahbarlariga yurtimizdagi har bir bino nafaqat sog‘lom odam uchun, balki boshqalarga ham qulay bo‘lishi zarurligini astoydil uqtirmoqda.
Nukus shahrining o‘zida maxsus aravachada harakatlanuvchilar soni 2000 nafarga yetadi. Ammo infratuzilma noqulayligi bois ular ko‘chaga chiqolmaydi, ishga borolmaydi. Hayotida o‘zgalar yordamiga qaram bo‘lib qolmoqda. Agar avtobus va ko‘chada nogironlar aravachasi uchun maxsus panduslar, kar va zaif eshituvchi shaxslar vizual ko‘rishi uchun yo‘l belgilari, ko‘zi ojiz insonlar uchun maxsus yo‘laklar bo‘lsa, ular hayotda ancha faol bo‘lib, o‘zini eplab yashashlari mumkin.
Hozirda Qoraqalpog‘istondagi mavjud avtobuslarning ham aksariyati kichik sig‘imdagi «Isuzi» yoki «Otayo‘l» rusumidan iborat. Ularga nogironlar aravachasida chiqish juda noqulay. Jaras Gʻaniyev ham ishga borib kelishda jamoat transportidan foydalanolmaydi. Yaxshiyamki, uning farzandlari shaxsiy avtomobilda otasini har kuni ishga olib kelib, olib ketishadi.
Nozik mavzuda gapirmasak bo‘lmas
Bugungi kunda nogironligi bor shaxslarni ishga jalb qilishni yaxshilash borasida jon kuydirilayotgani yaxshi. Ammo ishxonalarda ular uchun qulay sharoit yaratilishiga ham e’tibor qaratish kerak. Chunki ishlayotgan nogironligi bor shaxs har kuni shu dargohda bo‘lgani bois, u ham ishxonasida boshqalar kabi o‘zini qulay his etishi zarur. Yangidan qurilayotgan binolar uchun bunday talablar ishga tushgan. Ammo mavjud ishxona va korxonalar uchun bunday talablar yo‘q. Hojatxona masalasi ham xuddi shunday. Jaras Gʻaniyevning Assotsiatsiyada ishlayotganiga mana 2 yil bo‘lyapti. Ammo u ham shu paytgacha hojatxonadan foydalanishda qiynaladi.
Bu haqda bila turib, talaygina nogironligi bo‘lgan odamlar ishlayotgan Qoraqalpog‘iston nogironlar assotsiatsiyasida holat shunday ekan, boshqalar qachon bunday o‘zgarishga qo‘l uradi, degan xayolga bordik.
Ekologik ta’sir va kasalliklar
Mavzuni o‘rganayotgan kunlarimizda Jaras Gʻaniyev Toshkentda biz ko‘targan mavzuga oid bir tadbirda qatnashdi. Fursatdan foydalanib, uning Qoraqalpog‘istondagi nogironligi bor shaxslarni qiynayotgan muammolar va ularga ekologik vaziyatning ta’siri haqidagi javoblarini videoga muhrladik. Unda J. Gʻaniyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida havo tarkibidiga chang miqdori belgilangan me’yordan 6 barobar oshiqligini, so‘nggi paytlarda allergik, nafas yo‘li, saraton, prostata (erkaklar orasida) va sil kasalligining og‘ir formasiga chalinayotgan bemorlar ko‘payib borayotganini aytib o‘tdi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ham kasallanish ko‘pligini, bu ularning yashash darajasini yanada og‘irlashtirayotganini ta’kidladi. Shu bois u Qoraqalpog‘istonda sil kasalini davolashga ixtisoslashtirilgan kasalxonalarni ko‘paytirish borasida o‘z taklifini aytdi.
Videomuloqotdan parchani bu yerda tomosha qilishingiz mumkin: ….
Qilinayotgan ishlar va rejalar
Vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘rar ekanmiz, J. Gʻaniyev kar va zaif eshituvchilar uchun adabiyotlar yetishmasligi muammosini yaxshilash yo‘lida yaqinda «Imo-ishora tili predmeti», deb nomlanuvchi kitobni tayyorlab, homiylar ko‘magida chop etganliklarini aytdi. Bundan tashqari ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslar uchun audiokitoblar soni ortmoqda. Ammo boshqa muammo mavjud – audiokitobni o‘qiyotgan odam keyingi safar tegishli betdan davom ettirib eshitishni istaganda, kerakli bobni va betni topishda qiynaladi. Yanayam aniqrog‘I, tegishli joydan davom ettirish uchun yana boshidan eshitib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Bu juda murakkab va ko‘p vaqt talab qiladi. Assotsiatsiya vakillari esa bu muammoni bartaraf etish uchun izlanish olib borishdi va maxsus ilova tayyorlashmoqda. Endilikda bu ilova audiokitobni o‘qiyotgan o‘quvchining kerakli bet va bobni topishini osonlashtiradi.
Nukusda bo‘lib o‘tgan yana bir voqea nogironligi bor shaxslar uchun favqulodda holatlarda o‘zini-o‘zi qutqarish va himoya qilish bo‘yicha bilim olish zarurligini ko‘rsatdi. O‘tgan yili Nukusda oilasi bilan yashovchi Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi Quvvat Sharopov ko‘zi ojiz rafiqasi bilan uyida bo‘lgan paytida yong‘in yuzaga keladi. Ota-onaning farzandlari mehmonga ketganligi bois, er-xotin avvaliga uyida nima bo‘layotganini sezmaydi. Ular yong‘inni sezib, uydan arang qochib qo‘shnilarnikiga emaklagan holda ularni voqeadan xabardor qilganlarida esa, uyning ikkita xonasi allaqachon yonib bo‘lgan edi.
Bu voqea barcha qatori Qoraqalpog‘iston nogironlar assotsiatsiyasi xodimlarini ham to‘g‘ri xulosa qilishga undadi. Ayni paytda assotsiatsiya va Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘rtasida memorandum imzolandi va vazirlik maktablarda nogironligi bor o‘quvchilarga favqulodda holatlarda qanday o‘zini himoya qilish, o‘zini o’zi -o‘zi qutqarib qolishi haqida mashg‘ulot o‘tishga kelishib olindi. Hozirda mashg‘ulotlarning mazmuni ustida ikki tashkilot birgaliklda ishlamoqda.
Xullas, vaziyat qiyin bo‘lsa-da, Jaras Gʻaniyev va jamoasining mehnatlari zoye ketmayapti. Harakatlar, tushuntirishlar ish bermoqda. Sohada oz bo‘lsa-da, quvonarli yangiliklar bo‘layapti. Odamlarning fikri, dunyoqarashi o‘zgarayapti.
Ammo muhim o‘zgarishlar, yangiliklar oldinda. Ularning amalga oshishini nogironligi bor qoraqalpog‘istonliklar intizorlik bilan kutmoqda.
Zebo NAMOZOVA tayyorladi
Video: YouTube
Manba:Mediaplus.uz

Отправить комментарий
Отправить комментарий